11.09.2025
O'qish vaqti: 1 daqiqa

Mbappega irqchilik haqoratlarini yo’llagan muhlis hibsga olindi

Mbappega irqchilik haqoratlarini yo’llagan muhlis hibsga olindi

Ispaniyada “Real Madrid“ning “Ovyedo“ga qarshi o‘yinida hujumchi Kilian Mbappeni irqchilik imo-ishoralari va ovozlari bilan haqorat qilganlikda gumon qilingan muxlis qamoqqa olindi. Voqea 24 avgust kuni “Karlos Tartere” stadionida sodir bo‘ldi, bunda Madrid klubi 3:0 hisobida g‘alaba qozongan, fransiyalik hujumchi esa dubl qayd etgandi.

Politsiya televideniye ko‘rsatuvlari tahlili asosida qoidabuzarning shaxsini aniqladi. Kadrlarda Mbappening 37-daqiqadagi golidan so‘ng unga qaratilgan maymun qichqirig‘iga o‘xshash tovushlar va tegishli imo-ishoralar qayd etilgan. Ish nafrat tufayli sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha prokuraturaga topshirildi.

Ispaniya qonunchiligiga ko‘ra, bunday huquqbuzarlik uch yilgacha qamoq jazosi, 60 mingdan 650 ming yevrogacha jarima va sport tadbirlariga qatnashishni taqiqlash bilan jazolanishi mumkin.

Vaziyat keng jamoatchilik e’tiborini tortdi, chunki so‘nggi yillarda LaLiga irqchilik ko‘rinishlariga qarshi kurashni kuchaytirgan edi. Ayniqsa, 2023-yilda Valensiyada Vinisius Junior bilan sodir bo‘lgan mashhur voqeadan so‘ng, uch nafar muxlisga haqiqiy qamoq jazosi tayinlangach, qattiq choralar ko‘rila boshlandi. Shu oy boshida esa 2020-yilda Inaki Uilyamsni haqorat qilgan “Espanyol” muxlisi ishi bo‘yicha ham xuddi shunday qaror qabul qilingandi.

Mbappe bilan bog‘liq voqea Ispaniya futbolida kamsitishlarga qarshi tizimli choralar ko‘rish zarurligi haqidagi navbatdagi jiddiy signal bo‘ldi va tegishli choralar ko’rilishiga umid qilamiz.