15.09.2025
O'qish vaqti: 1 daqiqa

Gvardiola Husanovga ishonadi

Gvardiola Husanovga ishonadi

Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiola matbuot anjumanida o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovning o‘yini va salohiyatiga yuqori baho berdi. Murabbiyning fikricha, yosh futbolchi allaqachon muhim fazilatlarni namoyon etgan, biroq u hali shakllanish jarayonini bosib o‘tishi lozim.

“11 oy davomida har uch kunda o‘ynashga majbur bo‘lamiz. Husanov faqat o‘ng tomonda o‘ynay olmaydi – bu hech kimning qo‘lidan kelmaydi. Biz uchun barcha o‘yinchilar muhim. Men unga ishonaman: u jismonan baquvvat, yosh, chaqqon, ammo hali ko‘p narsani o‘rganishi kerak,” – dedi Gvardiola.

Pep himoyachining so‘nggi o‘yindagi ishonchli harakatlarini alohida ta’kidladi:

“Bugun Husa o‘z hududini ishonchli nazorat qildi. Toza o‘ynadi, to‘pni deyarli yo‘qotmadi. Ba’zida uning g‘ayrati shoshqaloq qarorlar qabul qilishga undaydi, lekin biz bu haqda u kelgan kundan beri gaplashamiz. Vaqt o‘tishi bilan bu o‘tib ketadi. Uning tezligi, diqqati juda yaxshi. Bugun u juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi.”

Gvardiola yana ta’kidladiki, yosh futbolchilar bilan ishlash sabr-toqat talab qiladi va “Siti“da Husanovning ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan o‘sishiga ko‘maklashish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Tarkibdagi o‘rni va murabbiylar shtabining ishonchi buning yaqqol isbotidir.