03.09.2025
O'qish vaqti: 2 daqiqa

Grand Swiss 2025 boshlanmoqda: qadimiy Samarqand jahon shaxmat elitasini qabul qiladi

Grand Swiss 2025 boshlanmoqda: qadimiy Samarqand jahon shaxmat elitasini qabul qiladi

Samarqanddagi “Silk Road EXPO” ko‘rgazmasida shaxmat taqvimining eng nufuzli tadbirlaridan biri – FIDE Grand Swiss – 2025 musobaqasi tantanali ravishda start oldi. Turnir 3-15 sentyabr kunlari davom etadi va erkaklar hamda ayollar o‘rtasida jahon chempionligiga da’vogarlar turniriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olish uchun murosasiz kurash maydoniga aylanadi.

Ochiq musobaqada 116 nafar ishtirokchi, jumladan, jahon chempioni Gukesh Dommaraju, shuningdek, hindistonlik yulduzlar Praggnananda, Arjun Erigaisi va o‘tgan yilgi g‘olib Vidit Gujrati qatnashadi. Ayollar o‘rtasidagi turnirda Tan Zhongyi, Lei Tingjie, Anna Muzychuk va Vaishali Rameshbabu singari eng kuchli shaxmatchilar, shuningdek, favoritlardan Divya Deshmuh ishtirok etishi e’lon qilindi.

Musobaqa tizimi: Shveysariya tizimi bo‘yicha 11 raund o‘tkaziladi, bunda o‘yinchilar joriy natijalariga ko‘ra juftliklarga ajratiladi, bu esa oxirgi yurishgacha kurashni kafolatlaydi.

Bosh sovrin – har bir turnirning eng kuchli ikki o‘yinchisini 2026-yilgi da’vogarlar turniriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olishidir. O‘sha turnirda amaldagi chempionning raqibi aniqlanadi. Umumiy sovrin jamg‘armasi 855 000 dollarni tashkil etadi: erkaklar turnirida 625 000 dollar va ayollar turnirida 230 000 dollar.

FIDE prezidenti Arkadiy Dvorkovich bunday tadbirning Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekistonning shaxmat mamlakati sifatidagi maqomini mustahkamlash yo‘lidagi qadam hamda Markaziy Osiyo va undan tashqarida shaxmatni ommalashtirish uchun muhim turtki bo‘lishini ta’kidladi.